PAXTACHI TUMANI MIKROTOPONIMLARINING STRUKTURAL-TIPOLOGIK XUSUSIYATLARI
Ergasheva N. A.
Annotatsiya
Bugungi kunda o‘zbek tili toponimikasi oldiga O‘zbekiston Respublikasining til, xususan, toponimik siyosatini izchil, mukammal amalga oshirishga yo‘naltirilgan, zamonaviy taraqqiyot tamoyillari va tilshunoslikning zamonaviy ilmiy paradigmalariga asoslangan yangi tadqiqotlar yaratish vazifasi qo‘yilmoqda. Ushbu maqolada asosan Paxtachi tumani mikrotoponimlarining tarkibiy qismlari va ma’no jihatdan turlari haqida so‘z boradi. Toponimlarni lingvistik jihatdan o‘rganish onomastik tahlilning eng murakkab va ko‘p qirrali yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada tilning morfologik, sintaktik, orfografik, orfoepik hamda leksik-semantik xususiyatlarini chuqur o‘rganish talab etiladi. Har bir joy nomi muayyan grammatik va ma’no jihatidan tizimli ravishda shakllanib, u o‘z ichida tarixiy, ijtimoiy hamda madaniy omillarni mujassam etadi. Toponimlarning morfologik qurilishi, so‘z yasalishidagi qonun-qoidalar, ularning grammatik turkumlanishi, yasovchi affikslarning qo‘llanish tartibi, qadimiy leksemalarning yangidan nom yaratishdagi o‘rni, hamda affikslarning tarqalish areali kabi masalalar toponimlarning morfologik va sintaktik xususiyatlarini belgilashda muhim ahamiyatga ega. Bu yo‘nalishda olib borilayotgan tadqiqotlar orqali yangidan yaratilgan nomlarning kelib chiqishi, ularning tarixiy o‘zgarish jarayonlari va milliy onomastika tizimining umumiy manzarasi aniqlashtiriladi. Sodda toponimlarni morfologik jihatdan tahlil qilganda, ularni tuzilish shakliga ko‘ra tub (sodda) va yasama atoqli otlar guruhlariga ajratish mumkin. Tub toponimlar odatda so‘z o‘zagiga tayanadi va ularning paydo bo‘lish manbalari til taraqqiyotining dastlabki bosqichlariga borib taqaladi. Shu bois, yasama yoki qo‘shma shakldagi toponimlar bilan solishtirilganda, tub nomlar leksik yaratilish jihatidan avvalo vujudga kelgan birlamchi nomlar sifatida e’tirof etiladi.
Adabiyotlar
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 28 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasi // Xalq so‘zi, 2018 yil, 29 dekabr.
- Zoitova Sh.A. Toponimlarning grammatik tuzilishi. Maqola.Pedagog respublika ilmiy jurnali. Toshkent, 2024, 206-b.
- Begmatov E., Xudayberganov R. Toponimik indikatorlarning ilk tadqiqotchisi. E’zoz. Ilmiy ishlar to‘plami. – Toshkent, 2006. 42-47-b.
- Nafasov T., Nafasova V.T.O‘zbekiston joy nomlarining izohli lug‘ati. 37-b.
- Qorayev S. Toponimika. Toshkent, 1978, 31-b.
- Xudoyberganov R.Y. O‘zbekiston joy nomlarining izohli lug‘ati. Toshkent, “Donishmand ziyosi”, 2022, 255-b.