BOSHLANG‘ICH SINF O‘QUVCHILARINING AXBOROT MADANIYATINI SHAKLLANTIRISHDA PEDAGOGIK VA PSIXOLOGIK OMILLAR

Ubaydullayeva S. G.


Annotatsiya

Bugungi globallashuv davrida o‘quvchilarning axborot oqimida mustaqil ravishda yo‘l topishi, zaruriy ma’lumotni izlab topishi va undan to‘g‘ri foydalanishi ta’limning dolzarb vazifalaridan biridir. Shu nuqtayi nazardan, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida axborot madaniyatini shakllantirish ta’lim jarayonida alohida ahamiyat kasb etadi. Ushbu jarayonning samaradorligi nafaqat ta’lim mazmuni va metodlariga, balki o‘quvchilarning yosh xususiyatlari, qiziqishlari va motivatsiyasiga ham bevosita bog‘liq. Ushbu tadqiqotning maqsadi — boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining axborot madaniyatini shakllantirish jarayonida ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy pedagogik va psixologik omillarni tahlil qilish hamda samarali metodik yondashuvlarni aniqlash. Tadqiqot davomida pedagogik va psixologik adabiyotlar, boshlang‘ich ta’lim uchun mo‘ljallangan elektron ta’lim resurslari, tajriba-sinov kuzatuvlari asosida o‘qituvchi va o‘quvchilar faoliyati tahlil qilindi. Metod sifatida pedagogik kuzatuv, taqqoslash va tahlil, interfaol metodlar tajribasini sinovdan o‘tkazish, suhbat va anketa o‘tkazish usullaridan foydalanildi. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida axborot madaniyatini shakllantirishga ta’sir etuvchi pedagogik omillar ta’lim mazmunining dolzarbligini va interaktiv usullar qo‘llanishini, o‘qituvchining metodik tayyorgarligi va innovatsion texnologiyalardan foydalanish qobiliyatini, ta’lim jarayonining texnik imkoniyatlari (kompyuter, planshet, elektron darsliklar, multimedia vositalari)ni va darsdagi ijobiy kommunikativ muhitni o‘z ichiga oladi. Psixologik omillar esa o‘quvchilarning yosh xususiyatlarida (tez zerikish, o‘yin faoliyatiga moyillik, obrazli fikrlash), motivatsiya va rag‘batlantirishda (musobaqa elementlari, elektron testlar, gamifikatsiya), individual qobiliyat va qiziqishlarni inobatga olishda, emotsional qo‘llab-quvvatlash va hamkorlik muhitini yaratishda namoyon bo‘ladi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida axborot madaniyatini shakllantirish samaradorligi pedagogik va psixologik omillar uyg‘unligiga bog‘liq. O‘qituvchi darslarni loyihalashda bolalarning yosh xususiyatlarini hisobga olib, elektron ta’lim resurslaridan samarali foydalangan holda o‘quvchilarda mustaqil izlanish, tanqidiy fikrlash va axborotni to‘g‘ri qo‘llash ko‘nikmalarini rivojlantirishi zarur.


Adabiyotlar

  1. Bekmurodov A. Raqamli ta’limning rivojlanish tamoyillari. – Toshkent: “Fan va texnologiya”, 2020.
  2. Tursunov U. Boshlang‘ich ta’limda innovatsion texnologiyalar. – Toshkent: “Ilm Ziyo”, 2018.
  3. Karimova R. Axborot madaniyatini shakllantirish metodlari. – “Ta’lim taraqqiyoti” ilmiy jurnali, 2021, №4.
  4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–5125-sonli qarori. Raqamli ta’lim tizimini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida. 2021-yil.
  5. UNESCO. Media and Information Literacy Curriculum for Teachers. – Paris, 2018.